RUBIA CORDIFOLIA L. VA RUBIA TINCTORUM L. NI IN VITRO SHAROITIDA MIKROKLONAL KO‘PAYTIRISH VA SHO‘R STRESSIGA CHIDAMLILIGINI QIYOSIY BAHOLASH
Abstract
Maqolada xorijdan introduksiya qilingan Rubia cordifolia L. hamda mahalliy Rubia tinctorum L. o‘simliklarini in vitro sharoitda mikroklonal ko‘paytirish va sho‘r stressli tuproq-iqlim sharoitida fiziologik-biokimyoviy xususiyatini qiyosiy baholash natijalari keltirilgan. Murashige-Skoog (MS) oziqa muhitida 2,0 mg/L BAP va 0,5 mg/L NAA kombinatsiyasi ikkala turda ham eng yuqori regeneratsiya samaradorligini ta'minladi. Regeneratsiya qilingan o‘simliklar 0,2-1,4% NaCl konsentratsiyalarida sho‘r stressga chidamliligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Sho‘rlanish kuchayishi bilan o‘sish ko‘rsatkichlari va fotosintetik pigmentlar miqdori kamaydi, prolin, malondialdegid (MDA) hamda antioksidant fermentlar (SOD, CAT, POD) faolligi esa ortdi; fermentlar faolligi 1,1% NaCl gacha ortib, 1,4% da nisbatan pasaydi. Kompleks tahlillar Rubia tinctorum L. ning fotosintetik pigmentlarni yaxshiroq saqlashi, membrana lipidlari peroksidlanishining pastroq bo‘lishi va antioksidant himoya tizimining samaraliroq ishlashi hisobiga Rubia cordifolia L. ga nisbatan sho‘r stressga yuqoriroq chidamlilikka ega ekanligini ko‘rsatdi. Natijalar Rubia tinctorum L. ni sho‘rlangan hududlarda dorivor xomashyo yetishtirish uchun istiqbolli tur sifatida tavsiya etish imkonini beradi.